Bugun Namangan shahridagi Oydin Plazada O`zbekiston Gastronomik turizmi assotsiatsiyasi, Mahalla va oilani qo`llab-quvvatlash vazirligi huzuridagi Mahalla va oila ilmiy tadqiqot instituti hamda O`zbekiston Turizm va sport vazirligi hamkorligidagi “Gastromahalla” va "Restoservice.uz" loyihalarining taqdimoti va seminar-treningi bo`lib o`tdi.
Mazkur tadbirda Namangan shahrida joylashgan mehmon uylari, “Afsonalar vodiysi” ko`ngilochar maskanida joylashgan umumiy ovqatlanish korxonalari hamda mehmonxona egalari ishtirok etdi.
Tadbirda turizmda xizmat sifatini oshirish, sayyohlarni jalb qilish, o`zbek nonushtasini joylarda joriy qilish kabi ko`plab mavzularda so`z yuritildi. “Gastromahalla” loyihasida ishtirok etish tartibi, gastromahalla.uz sayti va mobil ilovasidan foydalanish qoidalari haqida tushuncha berildi.
Aytish kerak, Gastromahalla loyihasi 2020-yilda yo`lga qo`yilgan bo`lib, dastlabki bosqichda Toshkent shahri va Buxoro viloyati sinov tariqasida tanlab olingan edi.
Shuningdek, uchrashuvda hunarmandchilikning kashtachilik yo`nalishi bilan shug`ullanuvchilar ham ishtirok etdilar. Ularga tajribali hunarmand Mohira Sultonova soha sirlari bo`yicha mahorat darsi o`tdi.
Taqdim etilgan loyihalar qatnashchilarda qiziqish uyg`otdi. Qizg`in muloqotga boy tarzda o`tgan uchrashuvda ishtirokchilarning taklif va mulohazalari ham tinglandi.