Yurtimizga kuz fasli kirib kelishi bilan ovqatlanish ratsionimizdan qovoq asosiy o`rinni egallashni boshlaydi. O`zbek oshxonasida qovoqdan ko`plab taomlar tayyorlanadi: shirqovoq, qovoq somsa, qovoq manti, qovoqli kabob va shu kabilar. Qaynatib, dimlab, qovurib ham iste'mol qilinadi. Shuningdek, u ko`plab kundalik taomlarning tarkibidan mavsumiy mahsulot sifatida joy oladi. Shuningdek, yurtimizda ayni qovoq pishiqchiligi mavsumida qovoq sayllari ham o`tkazish an’anasi mavjud.
Qovoq mazali, xushxo`r poliz ekini bo`lish bilan birga ko`pgina foydali xususiyatlarga ham ega. Xususan, u organizmni shikastlanishdan himoya qiladigan, yallig‘lanish jarayonlarining oldini oladigan tabiiy antioksidant — karatinoidlarga boydir. U qarish jarayonlari sekinlashtiradi, organizm quyoshning ultrabinafsha nurlaridan himoyalaydi.
Oshqovoq mevasi tarkibida 15—18% quruq modda, 4—11% qand, askorbin kislota, karotin, tiamin, riboflavin, azotli birikmalar, 0,7% biriktiruvchi toʻqima, 0,5% oqsil, 0,2% yogʻ, 0,6% kul moddasi, urugʻida 20—40% yogʻ bor.
Bundan tashqari, qovoq С, Е, К hamda B guruhi vitaminlarining manbayi hamdir. Immunitetning mustahkamligi uchun muhim sanalgan ushbu vitaminlar terining go‘zalligi va salomatligini ta’minlaydi, miya faolligini yaxshilaydi, shu bilan birga, oshqozon-ichak kasalliklarining oldini oladi. K vitamini suyaklar va organizmdagi hujayralarni mustahkamlaydi, qon aylanishini yaxshilab, tomirlar elastikligini oshiradi.
Qovoq parhezbop mahsulot sanaladi. Tarkibida transyog‘lar, kraxmal va katta miqdorda shakar bo‘lmaydi. Kaloriyasi kam — 100 grammida atigi 22 kkal bo‘ladi. Xolesterini yo‘qligi sabab yurak-qon tomir tizimi kasalliklari uchun profilaktik mahsulot sanaladi, kletchatkalarning bisyorligi sabab esa hazm jarayonini faollashishiga hissa qo‘shadi.
Qovoq urug‘ida foydali moddalar — kalsiy, kaliy, temir, natriy, rux, fosfor va marganets singari muhim minerallar mavjud. Ular organizmdagi barcha tizimlarning faoliyati va immunitet mustahkamlanishi uchun muhim hisoblanadi.
Internet tarmog`idan olingan ma'lumotlar asosida tayyorlandi.