Qarshi DU «O‘zbekiston tarixi» kafedrasining 3 bosqich doktoranti Mamatova Mahfuza Bahriddinovna «Choy yo‘li va uning O‘zbek xalqi ijtimoiy-iqtisodiy va madaniy hayotidagi ahamiyati» mavzusidagi dissertatsiya ustida tadqiqot ishlarini olib borib, tariximizning o‘rganilmagan mavzularidan biri, ya’ni Choy yo‘li orqali choyning O‘zbekistonga keltirilishi va uning tarixi, sevimli ichimlik sifatida keng tarqalishi manbalar va yangi ilmiy adabiyotlarga tayangan holda yoritilib, milliy ichimlik sifatida xalqimiz kundalik hayotining bir bo‘lagiga aylanish tarixi tadqiq etilmoqda.
Choyning VII-VIII asrlarda so‘g‘dlar tomonidan Xitoydan Choy yo‘li orqali olib kelinganligini arxeologik manbalarga tayangan holda isbotladi. Bu esa Rossiya va Yevropa, janubiy va g‘arbiy Osiyo mamlakatlaridan ancha oldin Markaziy Osiyoda choy ichilganligidan darak beradi.
VII-XV asrlarda Choy yo‘li Buyuk ipak yo‘li ichida shakllangan bo‘lsa, XVII-XIX asrlarda Choy yo‘li o‘z ahamiyatini yo‘qotmay, Markaziy Osiyolik savdogarlar tomonidan Eron, Rossiya imperiyasi, Afg‘oniston, Hindiston kabi mamlakatlarga choy ortilgan karvonlar orqali nafaqat choy, balki choy ichish madaniyatini ham targ‘ib qilganlar.
Choy yo‘li savdo karvon yo‘li O‘zbekiston, Qozoqiston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston, Xitoy, Rossiya, Afg‘oniston, Eron, Pokiston va Hindiston hududlaridan o‘tganliginihisobga olgan holda bugun ushbu yo‘l orqali Choy yo‘li turizmini keng yo‘lga qo‘yish lozim. Shuningdek, O‘zbekistonda gastronomik turizm turlaridan biri sifatida choyxonalar turizmini keng yo‘lga qo‘yish va rivojlantirish zarur.
Choyxonalarga nafaqat ovqatlanib suhbat quradigan joy sifatida, balki xalqimiz ijtimoiy hayotida muhim ahamiyat kasb etib, madaniyatni targ‘ib qiluvchi joy, shuningdek, hordiq chiqarish, o‘z hayotidagi yangiliklar bilan o‘rtoqlashish maqsadida turli yig‘ilishlar o‘tkazish, mamlakatdagi ijtimoiy-siyosiy voqealar yuzasidan muhokama qilish hamda miriqib suhbatlashish joyi bo‘lib, dissertatsiyada "Choyxonalar - ijtimoiy-aloqa maskani“ sifatida ijtimoiy muloqot uchun joy sifatida tahlil qilingan.
Ana shu tadqiqot asosida O‘zbekiston Gastronomik turizmi assotsiatsiyasi bilan hamkorlikda mazkur “Choy yo‘li” xaritasi yaratildi.