07 May
eye2187
Vegetarianlar kimlar?
Guli xanim

Ko`pchiligimiz bu atama haqida eshitganmiz, ammo, u haqida batafsil ma’lumotga ega emasmiz. Keling, bugun vegetarian, vegan tushunchalariga oydinlik kiritamiz.

Vegetarianlik juda qadimdan ma’lum bo`lib, bu hayvon va parranda go‘shtidan, suv olami hayvonlari go‘shtidan voz kechib, faqat o‘simlik, meva-sabzavot va sut mahsulotlarini iste’mol qilib yuruvchi odamlarga nisbatan qo‘llaniladigan atamadir.

Vegetarianlikni tanlagan odamlar uni turli sabablarga ko‘ra tanlagan bo‘lishi mumkin. Kimdir diniy qarashlari, yana kimdir tibbiyot, ekologiya, iqtisod tarafdan bu tanlovga keladi. Ba’zilari goʻsht organizmni zaharli chiqindilarga toʻldiruvchi, umrni qisqartiruvchi va insonni badjahl qiluvchi mahsulot deb hisoblashadi.  Har bir kishi nima sababdan vegetarianlikni tanlagani tahlil qilinsa, ularning aksariyati hayvon va parrandalarni yeyish uchun o‘ldirish, dengiz hayvonlarini yeyish uchun ovlashni vahshiylik deb tushunishini aytadi. Ayniqsa dunyoga mashhur vegetarianlarning aksariyati bu yo‘lni shu tufayli tanlaganini aytadi.

“Vegetarian” atamasi inglizcha vegetable – “sabzavot” so‘zidan kelib chiqqan. Lekin aksariyat vegetarianlar bu so‘zni lotincha vegetus – “tetik”, “tirik” ma’nolarini beruvchi so‘z bilan bog‘laydi. Bu atama 1847-yilda Buyuk Britaniya Vegetarianlar jamiyati tuzilgandan so‘ng mashhur bo‘ldi va keng qo‘llanila boshlandi.

Vegetarianlarning eng ashaddiylari hayvon va parranda go‘shti, dengiz hayvonlari mahsulotlariga qo‘shib hayvonlardan olinadigan sut mahsulotlari, tuxum, hatto asal ham yemaydi. Ular xoh quruqlikda yashasin, xoh dengizda, xoh ochiq havoda, har qanday hayvon va parranda, dengiz hayvonlari, hasharotlar va ularga daxldor hech narsani iste’mol qilmaydi. Bu toifa vegetarianlar faqat o‘simliklar va meva-sabzavotlar bilan oziqlanadi. Ular “vegan” deb ataladi.

Vegetarianlarning yana bir toifasi (ular o‘zlarini haqiqiy vegetarianlar deb biladi) faqat hayvon va parranda, dengiz hayvonlari mahsulotlarining go‘shtini yemaydi. O‘simlik va meva-sabzavotga qo‘shib hayvon va parrandalardan olinadigan sut mahsulotlari va tuxumni yeydi.

Meva va sabzavotlarni pishirish va uzoq muddat saqlash jarayonida vitaminlarning kamayib ketishi tufayli vegetarianlar ularni yangiligida xomligicha yeyishni tavsiya qilishadi. Zamonaviy tibbiyot fani amaliyotda goʻshtsiz ham, oʻsimlik mahsulotlari asosida sut va tuxum qoʻshib tayyorlangan oziq-ovqatlardan parhez taom sifatida foydalanishni afzal hisoblaydi. Baʼzi xastaliklar — moddalar almashinuvining buzilishi (mas., podagra), yurak-tomir kasalliklarini davolashda maʼlum muddatga vegetarian ovqatlar tavsiya etiladi.

Shuningdek, vegetarianlar kundalik yashashida ham hayvonlar terisi bilan bog‘liq hech qanday buyumlarni ishlatmaydi, hayvonlar terisidan yoki tabiiy matolardan tikilgan bo‘lsa-yu, bir chetida hayvonlar terisi ishlatilgan bo‘lsa, bunday mahsulotlarni umuman ishlatmaydi. Parrandalar paridan iborat buyumlarni ham ishlatmaydi. Asosan tabiiy va sun’iy matolardan tikilgan kiyimlarni kiyadi, buyumlarni ishlatadi.

Shu bilan birga, ular hayvonlar tarkibida bo‘ladigan turli moddalar qo‘shib tayyorlangan dori-darmonlardan foydalanmaydi.

Bugun dunyoning ayrim davlatlarida aholining 5 foizidan 10 foizigacha vegetarianlar hisoblanadi. Bular Braziliya, Isroil, Italiya, Germaniya, Buyuk Britaniya, Ispaniya, Fransiya, Avstraliya, Yangi Zelandiya, AQSh kabi mamlakatlardir. Eng qizig‘i, vegetarianlarning uchdan ikki qismi ayollarni tashkil etadi.

Bugun dunyoning aksariyat mamlakatlarida vegetarianlar uchun alohida restoranlar, qahvaxonalar va boshqa ovqatlanish shoxobchalari ochilgan. Ularda vegetarianlar uchun asosan o‘simliklardan, meva-sabzavotlardan ovqat tayyorlab beriladi. Shuningdek, sayyoramizda  1-noyabr Butunjahon vegetarianlik kuni sifatida o`tkaziladi.

Bizni muntazam kuzatib borsangiz keying galda vegetarianlik hayot tarzini tanlagan mashhurlar haqida ma’lumot beramiz.

 

*Internet tarmog`idan olingan ma'lumotlar asosida tayyorlandi.

 

Sevimli hamkorlarimiz