Butun dunyo turizm industriyasini larzaga solgan Xitoy koronavirusi sayyohlik tizimida faoliyat ko‘rsatuvchi tuzilmalar qatorida umumiy ovqatlanishga ham o‘z ta'sirini o‘tkazmay qolmadi. Xo‘sh, bugungi kunda restoran biznesi kelajagi xavf ostidami? Jahon restoratorlari, yirik umumiy ovqatlanish korxonalari tarmoqlari egalari, mazkur sohani qo‘llab-quvvatlashga xizmat ko‘rsatuvchi nodavlat tashkilotlar favqulodda vaziyat ya'ni pandemiya davrida restoran biznesini imkon qadar talofatsiz saqlab qolish uchun bir qator chora-tadbirlarni ishlab chiqmoqdalar.
Bugungi kunda respublikamizdagi restoran va umumiy ovqatlanish korxonalari uchun xavf solayotgan eng katta muammo – karantin davrida malakali xodimlarni yo‘qotmaslik, moliyaviy inqiroz sabab faoliyatini mazkur vaziyatdan olib chiqib ketish mexanizmlarini ishlab chiqishdir. Masalan, bugungi kunda koronavirus tobora avj olib borayotgan AQShning turli shtatlari Florida, Kaliforniya, Oklaxoma, Nyu-York va hokazo restoranlar assotsiatsiyalarining tajribalaridan o‘rnak olsa arziydi. Florida shtati restoranlar assotsiatsiyasi mazkur shtatda koronovirusdan zarar ko‘rgan restoranlar ishchi hodimlarini qo‘llab-quvvatlash fondini tashkil qilish tashabbusi bilan kongressga murojatnoma yo‘lladi va o‘z saytida shtat aholisini bu loyihaning afzalligini hukumatga bildirishlarini so‘ramoqda.
Shuningdek, assotsiatsiya tomonidan mazkur shtatda joylashgan restoranlar uchun maxsus sayt ochilib, u yerda restoranlarning karantin tugashi kutilayotgan oylar uchun chiqargan hadya karta (podarochniy)larini chegirmali narxlarda sotilishini tashkil etishda ko‘maklashmoqda. Misol uchun, muayyan restoranning ikki kishilik tushlik kartasi 100$ qiymatga ega bo‘lsa, ushbu yilning sentyabr oyidagi dam olish kunlari uchun chiqarilgan shunday kartalar 75$ dan sotib olinishi mumkin. Bu o‘z navbatida mijozlarning sevimli restoranlaridagi ishchi-xodimlarini karantin paytida ijtimoiy himoya qilish imkoniyatini yaratmoqda.
Amerikadagi turli shtatlar koronavirus pandemiyasi davrida o‘z xavfsizligini ta'minlashning individual qonun-qoidalari va cheklovlarini ishlab chiqdilar. Oklaxoma shtati merligi restoranlar uchun pandemiya davrida 10 tadan ortiq ovqatlanish stoli bo‘lmasligi va ular orasidagi masofa 2 metrdan uzoq bo‘lishini qat'iy talab qilganda, mazkur shtatdagi 90 foiz restoranlar yopildi. O‘z faoliyatini davom ettirayotganlari ham qat'iy tartib-qoidaga rioya qilish va o‘zi bilan olib ketish xizmatini joriy etish orqali yarim shtat tizimida ya'ni to‘liq bo‘lmagan, haftaning muayyan kunlari, belgilangan vaqtlarda faoliyat yuritmoqda. Ushbu soha marketologlari tomonidan koronavirus tufayli xizmat turlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda. Masalan, “Sayyor restoran” loyihasi doirasida kunning ma'lum bir qismida maxsus mashinada restoran menyusiga kiritilgan taom va salatlar himoya niqobini kiygan haydovchi va ofisiant bilan yo‘lga chiqadi.
Olib ketilayotgan taomlar ro‘yxati va narxlari bir kun oldin mazkur restoranning ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida reklama qilinadi. Masalan: "... ertaga soat 11.00 dan 13.00 ga qadar restoranimizning maxsus mashinasi falon tumanida aylanib yuradi. Mashinada quyidagi taom va salatlar bor ..... haydovchining telefoniga qo‘ng‘iroq qiling yoki telegramiga o‘z lokatsiyangizni tashlang, taomni juda qisqa vaqtda tekinga yetkazib beramiz" qabilidagi e'lon beriladi. Bu usulning afzalligi, restoranlar avvaldan turli monitoring tizimi orqali mijozlarning eng ko‘p qismi qaysi tumandanligini aniq bilgan holda, o‘sha hududga taomlar solingan mashinani yuboradi. Tanovulchi uchun esa, o‘zi yashayotgan tumanda tushlik vaqtida sevimli restoranining taomlarini olib yurgan mashina turganligi tanlash jarayonini tezlashtiradi va taom xarid qilish samaradorligini oshiruvchi psixologik ta'sir ko‘rsatadi.
Rossiyadagi Mcdonald’s tarmog‘i bugungi kunda o‘z mijozlari uchun xavfsizlik choralarini yanada kuchaytirdi. Kompaniya android platformasida mavjud bo‘lgan Delivery Club "kontaktsiz yetkazib" berish xizmatini joriy qildi. Aytaylik, mijoz "kontaktsiz yetkazib berish" xizmatini tanlasa, yetkazib beruvchi buyurtmani ko‘rsatilgan manzilga olib borib qo‘yadi va 3 metr orqaga chekinib, keyin buyurtma kelgani haqida mijozga xabar beradi. 16 mart kuni Makdonal'ds Delivery Club yetkazib beruvchilari uchun niqob, qo‘lqop va boshqa shu kabi gigienik vositalarni tekinga tarqatadi hamda ular uchun virusga tahlil topshirish markazini ochadi.
O‘ylaymizki, bu tajriba bugungi kunda yurtimizda faoliyat olib borayotgan yirik "Fast Food" industriyasi vakillari uchun ham asqotishi mumkin.
Yurtimizga tashrif buyuruvchi sayyohlarga sifatli servis tashkil etish, milliy taomlarimizni jahonga tanitish maqsadida tashkil etilgan assotsiatsiyamiz bugungi og‘ir pallada O‘zbekistondagi umumiy ovqatlanish korxonalarini tahlil qilish natijasida, ushbu soha vakillaridan xorijiy tajribadan foydalangan holda, faoliyatini davom ettirishga kreativ yondashishni so‘rab qolamiz. Jumladan, turli aksiyalar, chegirmalar, xavfsiz -“kontaktsiz yetkazib berish” xizmati, “sayyor restoran” kabilarni joriy etish, hodimlarning karantin davrida onlayn malakalarini oshirishlarini tashkil qilish sezilarli darajada natijadorlik kasb etardi. Shu maqsadda, "O‘zbekiston Gastronomik Turizmi Assotsiatsiyasi" “O’zbekiston Oshpazlar Uyushmasi” va "O‘zbekiston Yosh Olimlar Kengashi" bilan hamkorlikda restoran ofisiantlari uchun ingliz tilida sayyohlarga xizmat ko‘rsatishning 3 kunlik masofaviy trening kursini tashkil etadi. Mazkur kurs onlayn shaklda amalga oshiriladi va bepul. Kurs uchun kerakli ma'lumotlarni quyidagi telegram kanallarimiz orqali olasiz va ro‘yhatdan o‘tishingiz mumkin: https://t.me/gastrotourism_uz https://t.me/yosholimlar_uz.
Ro‘yhatdan o‘tish uchun arizalar https://forms.gle/xLcohZ7wwF4BnaPu5 orqali, 30-martga qadar qabul qilinadi. Onlayn darslar esa 3-4-5 aprel kunlari o‘tkaziladi. Har bir dars so‘ngida test savollari berilgan bo‘lib, 70 balldan yuqori ball to‘plagan tinglovchi keyingi bosqichga o‘tadi. O‘rtacha hisobda 70 balldan yuqori to‘plagan tinglovchilarga Assotsiatsiyamiz tomonidan kursni muvaffaqiyatli tamomlaganligi haqidagi sertifikat, O’zbekiston Oshpazlar Uyushmasi tomonidan ofitsiantlarni tayyorlash kursiga vaucher hamda qimmatbaho sovg’alar topshiriladi. Besh va undan ziyod ofitsiantlari onlayn treningdan 70 baldan yuqori to‘plagan restoranlar O‘zbekiston Gastronomik Turizmi Assosiasiyasiga bepul a'zo qilinadi. A'zolik imkoniyatlari va a'zolarga ko‘rsatiladigan xizmatlarimiz bilan www.gastrotourism.uz da batafsil tanishishingiz mumkin.
Albatta, karantin davri tugagach yana sayyohlik infrotuzilmasi tiklanadi. Biroq iqtisodiy inqiroz sabab, umumiy ovqatlanish korxonalarida ishchilar sonining qisqarishi kuzatilishi mumkin. Iqtisodiy tang vaziyatda kadrlar sog‘lom raqobatini ta'minlash uchun ularning qo‘shimcha malakaga ega bo‘lishlari maqsadga muvofiqdir. Ayniqsa, ofitsiantlar o‘rtasida xorijiy tilni bilmaslik turizm sohasida og‘riqli nuqtalarimizdan biridir. Restoran egalari bo‘lgan tadbirkorlardan karantin davridan unumli foydalanib, umumiy ovqatlanish korxonalarida xizmat sifatini oshirishga o‘z xissangizni qo‘shishni, hodimlarining onlayn treningdan o‘tishlariga amaliy yordam ko‘rsatishlarini so‘rab qolamiz.
Zero, “Biz siz uchun ishdamiz, siz masofadan turib o‘z ustingizda ishlang!
O‘zbekiston Gastronomik Turizmi Assotsiatsiyasi raisi
dots. G.K. Odilova