O'zbek milliy pazandachiligidagi suyuq taomlardan sanalgan ugra oshi sevib iste'mol qilinadi. Ugra oshini turli viloyatlarda turlicha tayyorlashadi. Masalan, uning go'sht qaynatmasida, sutda va qatiqda tayyorlanadigan turlari bor. Suyuq taomning bu turi Buxoro, Qashqadaryo, Surxondaryo, Samarqand, Toshkent viloyatlarida, Farg'ona vodiysida mashxur hisoblanadi hamda har bir viloyatning ushbu taomni tayyorlash bo'yicha o'ziga xos usullari mavjud.
Mazkur taomni tayyorlash uchun Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlarida ozgina eritilgan saryog' qo'shilgan sutda qattiq xamir qoriladi, Buxoro viloyatida xamir suv bilan tuxumdan tayyorlanadi. Farg'ona viloyatida esa yuqoridagilardan farqli o'laroq, ugra xamiri sariyog' va sut bilan tayyorlanadi. 30-40 daqiqa tindirilgandan keyin xamir 1,0-1,5 mm qalinlikda yoyiladi, yoyilgan xamirni 8-10 sm kenglikda uzunligi bo'ylab kesiladi, uni sekinga qo'l bilan ezib, unini qoqib, quritib olinadi. Farg'ona viloyatida malakali oshpazlar ugraning qaylasi bo'lmish "say"ni, taomdagi barcha foydali vitaminlarni saqlab qolgan holda, baland olovda, o'rtacha issiqlikda, ishlov berib tayyorlashadi. Qaylani tayyorlashda sabzavot va ko'katlardan foydalaniladi. Pomidor, karam, bulg'or qalampiri, sarimsoq piyoz, turp, ismaloq, qalampirning bir necha xillari va, albatta, ziravorlar ishlatiladi.