Ispanlarda o`zimizning no`xatsho`rakka o`xshab asosini no`xat tashkil qiladigan taom bor: Espinacas con garbanzos. Biroq bu taom vegetarianlarga mo`ljallangan ya’ni tarkibida go`sht mavjud emas. Yana bir farqli tomoni o`zbekcha no`xatsho`rak yuqori kaloriyali va tayyorlash jarayoni biroz ko`p vaqt talab etadi.
Keling, dastlab, siz bilan ushbu taomning tayyorlanish jarayoni bilan tanishib chiqamiz. Uni tayyorlashda konservalangan no`xatlardan foydalanish mumkin, lekin bu tavsiya etilmaydi, chunki ular unchalik sog'lom mahsulot emas, ya’ni yangi tayyorlanmagan va tarkibida konservantlar hamda qo'shimchalar mavjud. Shuningdek, taomni tayyorlashda ikkinchi muhim ingridient bu ismaloq. Ismaloqni yog`da ham suvda ham pishirish mumkin. Yog` tarkibida u yana ham mazali bo`ladi, ammo ko`proq kaloriyaga ega bo`ladi. Bu jarayonda yangi yoki muzlatilgan ismaloqni ishlatish mumkin. Taomning asl qadimiy retseptida ismaloq maydalanmaydi va juda ko`p miqdorda qo`shiladi, hatto ovqat tarkibida no`xatdan ko`ra ismaloq ko`proq bo`ladi. Albatta, uni har kim ta’bga ko`ra solishi mumkin.
Demak, tovaga sarimsoqpiyozni tozalab, tilim-tilim qilib solib kam miqdordagi yog`da qovuramiz va ikki tomoni qizargach yog`dan ko`tarib olamiz. So`ng alohida idishga qovurilgan sarimsoq, non, tuz va ziravorlar hamda suv solib blendrda yaxshilab maydalab yuboramiz va qayla tayyor.
Endi sarimsoqpiyoz qovurilgan tovagadagi yog`ga qalampir va ketidan ismaloqni solib qovuramiz. Keyin ivitilgan no`xatni solamiz va ustidan tayyorlab olgan sarimsoqli qaylamizni quyib no`xat pishgunicha past olovda qaynatamiz.
Bizda no`xatsho`rak asosan qo`y go`shti, dumbasi va no`xatdan tayyorlanadi. Uni tayyorlashning ko`plab usullari mavjud. Ba’zan qaynatma sho`rva shaklida, ba’zida esa qovurib tayyorlanadi.
No`xatsho`rak va Espinacas con garbanzosning ko`rinishi ham juda bir-biriga o`xshash va ikkalasi ham juda mazali va to`yimli taom.