O`zbek milliy taomlariga o`xshashlarini boshqa millatlar oshxonasida uchratish xo`randalar uchun doim qiziq va zavqli jarayon. Biz esa ularni sizga tanishtirishda davom etamiz. Bahor-yoz mavsumining haroratli kunlarida biz sevib iste’mol qiladigan mastavaning gruzin oshxonasida yaqin qarindoshi bor: xarcho.
Xarcho asosini mol go`shti va guruch tashkil etadigan gruzin oshxonasiga mansub suyuq taom. Uning o`ziga xosligi shundaki, xarchoga mastavadan farqli o`laroq grek yong`og`i ham qo`shiladi. U taomga qo`shiladigan asosiy uch komponentdan biri hisobhlanadi, ya’ni "Klassik" retsept bo'yicha go`sht (faqat mol go`shti), guruch va grek yong`og`ini hech narsa bilan almashtirib yoki ularni taom tarkibidan ajratib bo`lmaydi. Shuningdek, unga quritilgan olxo`ri pyuresi va nordon ta’mga ega maxsus gruzincha tkemali sousi qo`shiladi. Ba’zi retseptlarda olxo`ri o`rniga tog`olchaning quritilgan pyuresi qo`shish mumkinligi haqida aytilgan. Hozir zamonaviy oshpazlar esa mol go`shti o`rniga qo`y, tovuq go`shtidan ham foydalanadilar. Taom tarkibidagi qolgan masalliqlar esa xuddi o`zimizning mastavaga o`xshash, piyoz, sarimsoq piyoz, pomidor pastasi, sabzavotlar, ko`katlar va turli ziravorlardan iborat. Xarcho retseptini ko'rsatilsa, u Gruziyaning qaysi hududiga tegishli ekanligini aniqlash mumkin. Chunki uning tayyorlanishi har bir hududda o`ziga xos.
Bizda ham xuddi shunday hududlarga qarab mastavaning tayyorlanishida o`zgarishlar bo`lishi mumkin. Hozirgi kunda oshpazlar uning ko`rinishi yanada ishtaxaochar bo`lishi va guruch o`z shaklini yo`qotmasligi uchun mastavaning sho`rvasini alohida pishirib, guruchini alohida idishda qaynatishadi. Xo`randalar uni turli xil ziravorlar, xususan, murch bilan iste’mol qilishni xush ko`rishadi. Mastava dasturxonga, albatta, suzma bilan birga tortiladi.
Xarcho juda achchiq va birinchi taom bo`lishiga qaramay boshqa sho`rvalarga nisbatan quyuqroq ko`rinishda bo`ladi. Shu sabab gruzinlarda “Haqiqiy xarcho bu sho'rva emas, balki kori(hind oshxonasiga mansub taom)ga o`xshash to`la-to`kis issiq ovqat” degan qarashlar mavjud.
Agar imkoniyat va ishtiyoq bo`lsa, albatta, gruzincha xarchodan ham ta’tib ko`ring, ta’mlarni solishtiring va sizda bu borada yangicha fikrlar paydo bo`lsa, bizni ham xabardor qiling.